Endi shaxsni tasvirga olish va undan foydalanishda rozilik majburiy bo‘ladi

Oliy Majlisda ko‘rib chiqilayotgan yangi qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda har bir shaxsni tasvirga olish va uning suratidan foydalanish uchun rozilik olish majburiy tartibda belgilanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ma’lum qildi.
Loyihada voyaga yetmagan, ya’ni 16 yoshga to‘lmagan bolalarning tasviri faqat ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxsning roziligi bilan olinishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Bu orqali bolalarning ruxsatisiz ularning surat yoki videotasvirlaridan foydalanish holatlarining oldi olinadi.
Shuningdek, jamoat joylarida videokuzatuv tizimlari o‘rnatilgan bo‘lsa, bu haqda fuqarolarni ogohlantiruvchi belgi ko‘rinadigan joyda joylashtirilishi shart bo‘ladi. Qonunda videokuzatuv kameralarini kiyinish xonalari, hojatxonalar va boshqa shaxsiy hayot daxlsizligini buzuvchi joylarda o‘rnatish qat’iyan man etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yopiq suddagi ma’lumotlarni oshkor qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida xabar bergan edik.