
Falastinning O‘zbekistondagi elchisi Javad Muhammad Avad diplomatik faoliyatini yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.
Vazir elchining O‘zbekiston–Falastin munosabatlarini rivojlantirish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari uchun minnatdorlik bildirdi.

«O‘zbekiston BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, «ikki xalq uchun – ikki davlat» tamoyilini amalga oshirishning qat’iy tarafdori. Elchi janoblariga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz», — deydi Saidov o‘z rasmiy sahifasida.
Bundan oldin Isroil va Hamas G‘azoda tinchlik kelishuviga erishgani haqida xabar berilgandi. Hamas Qatar, Misr va Turkiya vositachilarining sa’y-harakatlarini e’tirof etdi va barcha tomonlarni kelishuv shartlariga rioya qilishga chaqirdi.
BMT bosh kotibi Antonio Guterrish kelishuvni qo‘llab-quvvatladi, garovdagilarni ozod qilish, doimiy to‘xtash va G‘azoga insonparvarlik yordamini yetkazishni zarur deb bildirdi.