
Hongqi kompaniyasi yangi modelining nomini 2025-yil noyabrda bo‘lib o‘tadigan Guanchjou avtosalonida e’lon qiladi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Umumxalq tanlovi doirasida 310 mingdan ortiq kishi qatnashgan, 67 mingdan ziyod nom variantlari taqdim etilgan. Ulardan 10 tasi finalga chiqqan bo‘lib, 8–31-oktabr kunlari ommaviy ovoz berish bosqichi o‘tkazilmoqda. Yakuniy natija avtosalon ochilishida ma’lum qilinadi.

Mazkur model ilk bor 2025-yil 23-aprel kuni Shanxay avtosalonida namoyish etilgan. Modelning kvadrat shaklli dizayni, dumaloq chiroqlari va katta qora panjarasi uni klassik yo‘ltanlamas avtomobillarni eslatadi. Dizaynerlar kuzovdagi ayrim elementlar Xitoy yog‘och me’morchiligidagi uslubidan ilhomlanib yaratilganini aytishmoqda.
Yangi model kompaniyaning birinchi maxsus yo‘ltanlamas avtomobili bo‘ladi. U Hongqi’ning ilgari asosan sedan va SUV modellaridan iborat bo‘lgan assortimentini kengaytiradi. Bu Xitoy avtomobilsozligida yuqori segmentdagi elektr off-road modellariga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, g‘olib nom muallifi avtomobilning 001 raqamli ilk nusxasini sovg‘a sifatida oladi. Hozircha salon dizayni, raqamli tizimlar va narx haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Guanchjou avtosaloni yaqinlashgani sayin model bo‘yicha texnik tafsilotlar oshkor etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Hongqi HS6 gibrid avtomobilihaqida yozgan edi.