Ko‘krak bezi saratoniga qarshi: «Erta aniqla – hayotni saqla» kampaniyasi O‘zbekistonda start oldi

eʼlon qilindi
13–15-oktabr kunlari respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligini ilimiy-amaliy tibbiyot markazida (RIITM) barcha ayollar ko‘krak bezi saratoniga tekshiruvdan bepul o‘tishlari mumkin
O‘zbekistonda «Erta aniqla — hayotni saqla» kampaniyasi boshlandi
O‘zbekistonda «Erta aniqla — hayotni saqla» kampaniyasi boshlandi

Oktabr oyi butun dunyo bo‘ylab an’anaviy ravishda ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurash oyi sifatida o‘tkaziladi. Joriy yilda O‘zbekistonda mazkur oy «Erta aniqla – hayotni saqla» shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Ushbu tashabbus prezident qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan davlat dasturi asosida amalga oshirilmoqda. Uni Sog‘liqni saqlash vazirligi, prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi hamda tibbiyot xodimlari, jamoatchilik tashkilotlari va yirik tadbirkorlik tarmoqlari hamkorlikda olib bormoqda. Bundan tashqari, tashabbus Yandex kompaniyasi hamkorligida va UNFPAning texnik ko‘magi bilan yo‘lga qo‘yilmoqda. Bir qator yirik tadbirkorlik tarmoqlari ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, o‘z filiallarida axborot materiallarini joylashtirgan.

Loyihaning maqsadi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash, davolash tizimini yaxshilash hamda aholining bu boradagi xabardorligini oshirishdan iborat. Shuningdek, loyiha doirasida bir qator tadbirlar o‘tkaziladi.

Asosiy tadbirlar

Toshkentda o‘tkaziladigan forumda 500 nafarga yaqin ishtirokchi, onkologlar, ginekologlar va bemorlar qatnashadi. Unda ko‘krak bezi saratonining dolzarb muammolari, xalqaro ekspertlarning ma’ruzalari va muhokama sessiyalari bo‘lib o‘tadi.

Fotoko‘rgazma — Bona Factum galereyasida

26-oktabr kuni Bona Factum galereyasida ko‘krak bezi saratoniga chalingan ayollar hayotiga, ularning matonati va erta aniqlash ahamiyatiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazma fotograf Natalya Ilina tomonidan tayyorlangan.

Bepul tibbiy ko‘rik kunlari

13–15-oktabr kunlari respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligini ilimiy-amaliy tibbiyot markazida (RIITM) barcha ayollar ko‘krak bezi saratoniga tekshiruvdan bepul o‘tishlari mumkin.

Cancer Walk — xabardorlik yurishi

UNFPA va mutaxassislar ishtirokida 10 ta oliy o‘quv yurtida onkoxabardorlik yurishlari o‘tkaziladi. Tadbirlar yoshlar o‘rtasida saraton haqida to‘g‘ri tushunchalarni shakllantirishga, erta aniqlash bo‘yicha ogohligini oshirishga qaratilgan.

Raqamli yechimlar

Ko‘krak va bachadon bo‘yni saratoni haqida ishonchli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan onkoogohlik portali ishga tushiriladi. Shuningdek, ayollar uchun sun’iy intellekt asosida ishlovchi Telegram-bot yaratiladi. U skrining va diagnostika jarayonida yo‘l-yo‘riq beradi.

Bundan tashqari, bemorlarni qo‘llab-quvvatlash doirasida onkopsixologik yordam tizimi yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbek va rus tillarida guruhli terapiyalar o‘tkazilib, ayollar mutaxassislar bilan muloqot qilish va ruhiy yordam olish imkoniga ega bo‘ladi. «Preobrajeniye» loyihasi doirasida esa kasallikka chalingan ayollarga bepul soch turmagi, makiyaj va yangi imidj taklif etiladi. Shuningdek, ko‘krak bezi saratoni bilan yashayotgan ayollar ishtirokida podkastlar tayyorlanadi.

Tibbiyot xodimlari uchun amaliyotlar

Shifokorlar uchun AQShdagi yetakchi klinikalarda stajirovkalar tashkil etiladi. U yerda zamonaviy davolash usullari o‘rganilib, O‘zbekiston amaliyotiga joriy etiladi.

Kampaniya faoliyatida ko‘krak bezi saratonini yenggan ayollar faol ishtirok etmoqda. Ular o‘z hikoyalari bilan boshqalarga kuch va ishonch bag‘ishlaydi.

Mazkur loyihaga doir boshqa xabar va yangiliklar bilan erta_aniqla havolasi orqali tanishib borishingiz mumkin.

Shuningdek