
O‘zbekistonning Monakodagi birinchi elchisi Nodir G‘aniyev knyaz Albert II ga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Marosim Monakoda 7-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan. Suhbat chog‘ida knyaz O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, mamlakatning yashil energetika va ekologiya yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etdi.
Shuningdek, u O‘zbekistonni YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qilayotgani bilan tabrikladi. Nodir G‘aniyev esa O‘zbekiston–Monako hamkorligini yanada mustahkamlash uchun faol ishlashini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Nodir G‘aniyev O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi etib tayinlangan va 2024-yil sentabrida prezident Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirgan edi. Diplomat shu yilning may oyidan buyon O‘zbekistonning Portugaliyadagi elchisi lavozimida ham ishlab kelmoqda.
Avvalroq Falastinning O‘zbekistondagi elchisi Javad Muhammad Avad diplomatik faoliyatini yakunlagani haqida xabar berilgandi.