Prezident «Markaziy Osiyo – Rossiya» sammitida Toshkentda «Skolkovo» filiali ochishni taklif qildi

Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Rossiya» formatidagi ikkinchi sammitda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Prezident o‘z chiqishida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonni sammitni yuqori darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bilan tabrikladi hamda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan mintaqaviy strategik sheriklikni mustahkamlashga e’tibor qaratdi.
Prezident Rossiyaning O‘zbekiston uchun muhim strategik sherik va ittifoqchi ekanini ta’kidlab, tarixiy, madaniy va iqtisodiy aloqalarning mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi. U jahon iqtisodiyotidagi inqiroz holatlari va geosiyosiy ziddiyatlar fonida mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash uchun «Markaziy Osiyo – Rossiya» formati doirasida hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini bildirdi.
Nutqda iqtisodiy sheriklik, savdo aloqalarini kengaytirish, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda sanoat va energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalari muhim yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi. Shuningdek, Buxoroda «Markaziy Osiyo – Rossiya» sanoat injiniring xabini tashkil etish, «Innoprom. Markaziy Osiyo» forumiga maxsus maqom berish va Toshkentda «Skolkovo» markazi filialini ochish taklif qilindi.
Shu bilan birga, ilmiy-ta’lim sohasida «Kelajak muhandislari» konsorsiumini tuzish, yosh olimlar uchun maxsus grantlar dasturini yo‘lga qo‘yish, onalik va bolalikni himoya qilish, mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlash, hamda mintaqaviy turizmni rivojlantirish tashabbuslarini ilgari surildi.
Mirziyoyev yakuniy so‘zida O‘zbekistonning Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘pqirrali hamkorlikni chuqurlashtirish, mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjondagi Gabala sammitida qanday tashabbuslarni ilgari surgani haqida yozgan edik.