Rossiya va Qozog‘iston yangi gaz quvuri bo‘yicha kelishuv imzoladi

Sankt-Peterburgda o‘tgan Xalqaro gaz forumida «Gazprom» rahbari Aleksey Miller Rossiyadan Qozog‘istonga yangi magistral gaz quvuri qurilishi bo‘yicha memorandum imzolanganini ma’lum qildi. Bu haqda TASS agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, loyiha Qozog‘iston poytaxti — Ostona va respublikaning shimoliy hamda sharqiy hududlarini gazlashtirishga qaratilgan.
Millerning so‘zlariga ko‘ra, ushbu memorandum mamlakat ichki energiya infratuzilmasini kengaytirish va aholini tabiiy gaz bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, bu hamkorlik kelajakda Markaziy Osiyo davlatlariga – O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonga gaz yetkazib berish hajmini oshirishga yordam beradi.
Qozog‘istonning birinchi vitse-premyeri Roman Sklyar yangi quvur uzoq va sovuq mintaqalardagi gaz yetishmovchiligini bartaraf etishga xizmat qilishini aytdi. Loyiha yo‘nalishi va muddati ishlab chiqilmoqda.
Rossiya hukumati loyiha bo‘yicha federal transport tizimiga o‘zgartishlar kiritdi. Rejaga ko‘ra, yangi magistral quvur yiliga 10 mlrd kub metr gaz o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi, kompressor stansiyalari esa 50 megavatt quvvat bilan ishlaydi.
Ma’lumot uchun, 2023-yilda imzolangan hamkorlik protokoli asosida Qozog‘istonning shimoliy va sharqiy hududlarini gazlashtirish rejalashtirilgan edi. Endi memorandum bu rejalarni amalda bajarish sari muhim qadam bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Fransiya qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilishi haqida xabar bergan edik.