
Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi huzuridagi Ulamolar kengashi musulmon shaxslarning kuryerlik faoliyati bo‘yicha yangi qaror chiqardi.
Qarorda aytilishicha, agar kuryer faqat halol mahsulotlarni — oziq-ovqat, kiyim-kechak, maishiy texnika, dori-darmon kabi tovarlarni tashiyotgan bo‘lsa, bu ish joiz hisoblanadi. Ammo spirtli ichimliklar, qimor o‘yinlariga oid buyumlar yoki cho‘chqa go‘shti kabi harom mahsulotlarni tashish qat’iyan man etiladi. Faqat ularni yo‘q qilish maqsadida tashish holatiga ruxsat beriladi.
Agar yuk tarkibida ham halol, ham harom mahsulotlar bo‘lsa, lekin halol qismi ko‘p bo‘lsa, kuryerlik qilishga ruxsat etiladi. Biroq bunday hollarda kuryer topgan daromadning harom qismiga to‘g‘ri keladigan miqdorini sadaqa sifatida berishi tavsiya etiladi.
Shuningdek, agar kuryer yuk ichida nima borligini bilmasa — masalan, yopiq qutilarni tashiyotgan bo‘lsa — bu holatda uning ishi gunoh hisoblanmaydi. Faqatgina bilib turib harom narsani tashish niyati bo‘lsa, bu man qilinadi.
Ulamolar kengashi musulmonlarga daromadlarining halolligini saqlash uchun shubhali hollarda sadaqa berishni tavsiya qildi. Bu amal insonning rizqini poklaydi va halol mehnat barakasini oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yandex Go haydovchilari va kuryerlari yo‘qolganlarni izlashga yordam berayotgani haqida yozgan edik.