Yangiliklar

Tesla ilk marta Mercedes-Benzʼni savdolar boʻyicha ortda qoldirdi

Tesla 497 mingta avtomobil sotdi
Tesla uchinchi chorakda 497 ming elektromobil sotdi
Foto: ET Auto

Tesla tarixda birinchi marta avtomobil savdosi boʻyicha Mercedes-Benzʼdan oʻzib ketdi.

Unga ko‘ra, 2025-yilning uchinchi choragida Tesla 497 mingta avtomobil sotdi. Shu tariqa 441 mingta mashina sotgan Mercedes-Benzʼni ortda qoldirdi. Tesla savdolari 12,6 foizga oshgan boʻlsa, Mercedes koʻrsatkichlari 12,3 foizga kamaygan.

Mutaxassislar bu natijani AQShdagi soliq imtiyozi bilan bogʻlashmoqda. 1-oktabrgacha amal qilgan $7,5 minglik chegirma Model Y va Model 3 avtomobillariga talabni oshirdi.

Mercedes esa elektr avtomobillar segmentida kutilgan oʻsishga erisha olmadi. Kompaniya atigi 42,6 mingta elektromobil sotgan, umumiy savdolar esa 12 foizga kamaygan.

Lekin Teslaʼning yutugʻi hamma bozorlarda bir xil emas. Yevropada, xususan, Germaniyada, sotuvlar ikki baravar kamaygan. Ekspertlar buni Volkswagen, BMW va Xitoyning BYD kompaniyalari bilan raqobat kuchaygani bilan izohlamoqda.

Ma’lumot uchun, Tesla 2004-yilda avtomobil ishlab chiqarishni boshlagan, Mercedes esa 1901-yildan beri faoliyat yuritadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ilon Mask $500 milliardlik boylikka erishgani haqida xabar bergan edi.