
Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hokimligi bosh yuriskonsulti ustidan jinoiy ish ochildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
U Eyvalek mahallasida joylashgan hokimlik balansida bo‘lgan xonadonga egalik huquqini tanishlari orqali fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga $1,5 ming olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, ushbu bosh yuriskonsult avval ham bir necha bor sudlangan bo‘lsa-da, bundan tegishli xulosa chiqarmagan. Hozirgi kunda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimi o‘rinbosari va viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi mutaxassisining noqonuniy boylik orttirish maqsadida fermerdan pora olgani aniqlangandi. Hozirda har ikki shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ish qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan.