Toshkent viloyatida Siam egizaklar noyob operatsiya orqali ajratib olindi

eʼlon qilindi
Muddatidan oldin tug‘ilgan Siam egizaklar tug‘uruqdan to‘qqiz soat o‘tib, murakkab jarrohlik amaliyoti orqali ajratib olindi
Toshkent viloyatida siam egizaklar noyob operatsiya orqali ajratib olindi
Toshkent viloyatida Siam egizaklar noyob operatsiya orqali ajratib olindi. Ekran tasviri videodan olindi

Toshkent viloyatida Siam egizaklar noyob operatsiya orqali ajratib olindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Chirchiq shahridagi respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida noyob operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Homiladorlikning 33 – 34-haftasida kesarcha kesish yo‘li bilan muddatidan oldin tug‘ilgan Siam egizaklar tug‘uruqdan to‘qqiz soat o‘tib, shoshilinch tarzda murakkab jarrohlik amaliyoti orqali ajratib olindi.

Besh soat davom etgan operatsiyani respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal jarrohlik markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashov boshchiligidagi mutaxassislar guruhi amalga oshirdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov chaqaloqlarning ahvoli bilan tanishib, bu kabi murakkab amaliyotlar hatto tibbiyoti rivojlangan davlatlarda ham kam uchrashini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday natija O‘zbekiston tibbiyotining yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

Video: SSV

Operatsiyada ishtirok etgan shifokorlar «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Sog‘ligi yaxshilangan chaqaloqlar va ularning onasiga shifoxonadan uyiga ruxsat berilgan.

Bundan avval O‘zbekistonda ilk bor unikal yurak jarrohligi amalga oshirilgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Toshkent davlat tibbiyot universitetining bolalar ko‘p tarmoqli klinikasida yangi turdagi operatsiya o‘tkazildi. Bolalar kardiojarrohi Bobur Turaev olti yoshli bemorning shikastlangan uch tabaqali klapanini olib tashlab, uning o‘rniga yurakning o‘ng bo‘lmachasi quloqchasidan klapan yasab o‘rnatdi. Mazkur texnologik jihatdan murakkab jarrohlik amaliyoti mamlakatda ilk marotaba bajarildi.

Shuningdek