Lifestyle

Figure yangi avlod odamsimon robotini taqdim etdi

Yangilangan audio tizim real vaqt rejimida nutqni yaxshiroq taniydi
Оdamsimon robot / Figure / Videodan skrinshot

Amerikalik Figure kompaniyasi o‘zining uchinchi avlod odamsimon roboti Figure 03 ni namoyish etdi. Qurilmaning narxi va yetkazib berish sanasi hozircha oshkor qilinmagan.

Robotning bo‘yi 168 sm, og‘irligi esa 60 kg. U soniyasiga 1,2 metr tezlikda harakatlana oladi. Har bir qo‘l keng burchakli kamera bilan jihozlangan bo‘lib, bu Helix sun’iy intellekt tizimiga atrof-muhitni asosiy kameralar ko‘rishdan chiqib qolgan holatlarda ham ko‘ra olish imkonini beradi. Masalan, robot shkaf ichidan buyum olishga harakat qilganda.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/10/video_concierge_voice_to_voice_v2.mp4

Moslashuvchan barmoqlar va xavfsiz qoplama

Robotning barmoqlari endi yanada yumshoq va moslashuvchan. Bu unga turli shakl va o‘lchamdagi buyumlarni yanada ishonchli ushlash imkonini beradi. Har bir barmoq uchidagi sensor bosimni 3 grammgacha aniqlikda o‘lchay oladi. Uy sharoitida xavfsiz foydalanish uchun robotning ayrim qismlari maxsus pena va mato bilan qoplangan. Yumshoq qismlarni yuvish yoki almashtirish uchun maxsus asbob kerak emas.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/10/video_dexterity_tri-view_10825a.mp4

Yaxshilangan ovoz tizimi va simsiz quvvatlanish

Yangilangan audio tizim real vaqt rejimida nutqni yaxshiroq taniydi. Simsiz zaryadlash funksiyasi ham mavjud: u zaryadlash stansiyasiga ulangan holda kun davomida avtomatik ravishda zaryadlanadi.

Sanoat ishlab chiqarish uchun yaratilgan birinchi model

Bu robot — Figure kompaniyasining sanoat miqyosida ishlab chiqarish uchun to‘liq noldan yaratilgan ilk modeli hisoblanadi. Shu maqsadda kompaniya ta’minot zanjirini qayta ko‘rib chiqib, BotQ nomli ishlab chiqarish bazasini tashkil etdi. U dastlab yiliga 12 mingta gumanoid robot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Figure kompaniyasi 2022-yilda asos solingan. Birinchi avlod roboti 2023-yilda, ikkinchi esa 2024-yilda taqdim etilgan edi. 2025-yil sentyabr oyida startap $1 mlrd investitsiya jalb qilib, kompaniya qiymati $39 mlrdga yetdi.