Filippinda kuchli zilzilalar oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘ldi

Filippinning janubiy qismida ketma-ket ikki kuchli zilzila sodir bo‘lib, kamida yetti kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Birinchi zilzila 7,4 magnitudali bo‘lib, Davao Oriental viloyati yaqinidagi Manay shahri sohillarida yuz berdi. Zilziladan so‘ng 300 kilometr masofadagi hududlar uchun sunami xavfi e’lon qilindi, biroq keyinchalik ogohlantirish bekor qilindi.
Oradan yetti soat o‘tib, 6,8 magnitudali ikkinchi zilzila qayd etildi va yana sunami ogohlantirishi berildi. Mamlakat seysmologiya agentligi aholiga qirg‘oqbo‘yi hududlardan zudlik bilan uzoqlashishni tavsiya etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uy-joylar, binolar va ko‘priklar zarar ko‘rgan.
Filippin Prezidenti Ferdinand Marcos Jr. qutqaruv guruhlari tayyorlanayotganini va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi. U aholiga ogohlantirishlarga amal qilishni, sohilbo‘yi hududlardan uzoqlashishni tavsiya etdi.
Ma’lumot uchun, Filippin «Tinch okeani yong‘in halqasi»da joylashgani sababli har yili o‘rtacha 800 ta zilzila sodir bo‘ladi. Bu safargi hodisa esa so‘nggi yillarda mamlakatni larzaga solgan eng kuchlilaridan biri bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Filippinda yuz bergan kuchli zilzila oqibatida kamida 69 kishi halok bo‘lgan edi.