
Jizzax viloyatining Forish tumanida to‘rtta davlat bog‘chasida ommaviy zaharlanish holati qayd etildi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 9-oktabr kuni soat 9:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Forish tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 1, 3, 5 va 7-sonli maktabgacha ta’lim muassasalarining jami 37 nafar tarbiyalanuvchisi isitma, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rishi, ich ketishi va holsizlik kabi shikoyatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv natijasida bolalar 8-oktabr kuni bog‘chalarda biokefir, pishloq va sariyog‘ kabi mahsulotlarni iste’mol qilgani aniqlangan. Ularga dastlabki tibbiy ko‘rikdan so‘ng «o‘tkir diareya» tashxisi qo‘yilib, statsionar sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Jizzax viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, zaharlanishga oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va ularga ishlov berishdagi sanitariya qoidalarining buzilishi sabab bo‘lgan. Ushbu holatlar inson organizmida oshqozon-ichak tizimining faoliyatini buzib, sog‘liq uchun xavf tug‘dirgani aniqlangan.
Hozirda voqea yuzasidan Forish tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi («Mansab vakolatini suiiste’mol qilish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyining oxirida Toshkent viloyatining Bo‘ka, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi bir qator bog‘chalarda ham 1,9 ming nafardan ortiq bola ovqatdan zaharlangani haqida xabar berilgan edi.