Giyohvandlik vositalari musodara qilindi, Formula-1 musobaqasi yuzasida muzokaralar — 10-oktabrning eng muhim hodisalari

Giyohvandlik vositalari musodara qilindi, Formula-1 musobaqasi yuzasida muzokaralar — 10-oktabrning eng muhim hodisalari Kursv Uzbekistan dayjestida.
Toshkent va Farg‘onada yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari musodara qilindi

Toshkent shahri va viloyatlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Oracle tizimlariga hujum: 100 dan ortiq kompaniyalar zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin

Google ma’lum qilishicha, Oracle kompaniyasining biznes tizimlariga qaratilgan keng ko‘lamli xakerlik hujumi oqibatida 100 dan ortiq kompaniyalar zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, bu hujum uch oy avval boshlangan va ko‘plab mijozlar ma’lumotlari o‘g‘irlangan.
O‘zbekistonning Iroqdagi elchisi prezidentga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning Iroqda yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Ayubxon Yunusov mamlakat prezidenti Abdullatif Rashidga ishonch yorliqlarini topshirdi. Marosim Al-Kuvayt shahrida joylashgan elchixona qarorgohida bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Tantanali marosimdan so‘ng Iroq prezidenti O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan avvalgi uchrashuvlarini iliq so‘zlar bilan esladi va ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari izchil rivojlanayotganini ta’kidladi.
Chevroletning yangilangan avtomobili qanday xususiyatlarga ega

General Motors kompaniyasi tomonidan yangilangan Chevrolet Bolt elektromobili rasman taqdim etildi. Bu haqda Electrek nashri xabar bermoqda.
Tashqi ko‘rinish
Tashqi dizayn jihatidan yangi Bolt avvalgisiga juda o‘xshaydi. Faralar orasida qora chiziq paydo bo‘lgan, orqa fonarlar esa yuqoriroq joylashtirilgan — bu o‘zgarishlar foydalanuvchilar takliflariga asoslangan. Bumperlar ham biroz qayta ishlangan, biroq umumiy siluet deyarli o‘zgarmagan.
Oʻzbekiston Formula-1 musobaqasini oʻtkazish boʻyicha muzokara boshladi

Oʻzbekiston hukumati mamlakat hududida Formula-1 poygasining bir bosqichini oʻtkazish imkoniyatini oʻrganmoqda. Bu haqda britaniyalik taniqli avtosport jurnalisti Jo Seyvud oʻzining Green Notebook from Viagrapore blogida xabar berdi.
Jurnalistning yozishicha, Oʻzbekiston vakillari yaqinda boʻlib oʻtgan Singapur Gran-prisida koʻrinish bergan. Norasmiy ma’lumotlarga koʻra, aynan shu yerda Formula-1 bosqichini Toshkentda yoki mamlakatning boshqa yirik shahrida oʻtkazish masalasi muhokama qilingan.
Oʻzbekiston Amazon Kuiper bilan sun’iy yoʻldosh internet loyihasini yoʻlga qoʻyadi

American Chambers tadbiri doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShning Amazon Kuiper kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida raqamli infratuzilmani rivojlantirish, keng polosali internet xizmatlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Forish tumanidagi davlat bog‘chalarida 37 nafar bola ovqatdan zaharlandi

Jizzax viloyatining Forish tumanida to‘rtta davlat bog‘chasida ommaviy zaharlanish holati qayd etildi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Forish tumanida 1, 3, 5 va 7-sonli maktabgacha ta’lim muassasalarining jami 37 nafar tarbiyalanuvchisi isitma, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rishi, ich ketishi va holsizlik kabi shikoyatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Rossiya Markaziy Osiyoga gaz eksportini 15 foizga oshirdi

Rossiya 2025-yilning dastlabki sakkiz oyi davomida Markaziy Osiyoga tabiiy gaz yetkazib berish hajmini 15 foizga oshirdi. Bu haqda «Gazprom» boshqaruvi raisi Aleksey Miller 9-oktabr kuni Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan Xalqaro gaz forumining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Fayzullayev Urugvayga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmaydi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev Urugvayga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmaydi. Bu haqda O‘FA ma’lum qildi.
U Kuvaytga qarshi o‘yinda jarohat olib, maydonni tark etgan edi. Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan so‘ng shifokorlar futbolchiga dam olishni tavsiya qilgan.
O‘zbekistonda soliq qo‘mitasi reyestriga kiritilgan marketpleyslar soni yuztaga yetdi

Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 10-oktabr holatiga qadar yuzinchi internet-do‘kon marketpleys sifatida rasmiy reyestrga kiritildi.
Marketpleyslarning soliq tizimiga integratsiyasi natijasida 2025-yil boshidan beri iste’molchilarga 140 mlndan ortiq elektron chek berilgan. Bu cheklarning umumiy qiymati 18,8 trillion so‘mni tashkil etadi.
Mirziyoyev MDH venchur platformasini yaratishni taklif qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Davlat rahbari global beqarorlik sharoitida MDH o‘zini barqaror va zarur muloqot maydoni sifatida namoyon etayotganini ta’kidladi.
13-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

13-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 140,91 so‘m (+17,53 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Yevro 41,54 so‘mga tushib, 14 053,10 so‘mni, rubl esa 0,22 so‘mga oshib, 149,41 so‘mni tashkil qildi.
Avvalroq 9-oktabrda yuz bergan hodisalar dayjestini e’lon qilgan edik.