Yangiliklar

Issiqxona xoʻjaliklari uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi

Shuningdek, 2025-yil 1-oktabr holatiga mavjud soliq qarzlari boʻyicha toʻlov muddati foizsiz ravishda 2028-yil oxirigacha uzaytiriladi
Buxoro viloyatidagi besh ming xonadonda issiqxonalar tashkil etiladi
Foto: Smartm

Oʻzbekiston prezidenti issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini yanada samarali qilish va eksport hajmini oshirishga qaratilgan yangi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmon meva-sabzavot hamda oziq-ovqat mahsulotlari eksportini kengaytirish, issiqxona tarmoqlarini rivojlantirish va mavjud zaxiralardan samarali foydalanishni nazarda tutadi. Hujjatga koʻra, 2025–2027-yillar davomida tarmoq boʻyicha bir qator asosiy maqsadli koʻrsatkichlarga erishish rejalashtirilgan.

Xususan, meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmi 2026-yilda $3,5 mlrd, 2027-yilda esa $4 mlrd ga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, issiqxona xoʻjaliklari tabiiy gaz bilan kafolatli taʼminlanadi, bu esa meva-sabzavot ishlab chiqarish hajmini 2026-yilda 620 ming tonna, 2027-yilda esa 670 ming tonnaga oshirish imkonini beradi. Ushbu mahsulotlar eksportidagi ulush 30 foizdan 70 foizgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2026-yilda 20 ming gektar, 2027-yilda esa 15 ming gektar maydonda dala chetlariga mevali daraxtlar va sabzavotlar ekilishi belgilangan.

Issiqxona xoʻjaliklarining barqaror faoliyatini taʼminlash maqsadida ularga bir qator soliq imtiyozlari ham joriy etildi. Unga koʻra, 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil oxirigacha ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi. Shuningdek, 2025-yil 1-oktabr holatiga mavjud soliq qarzlari boʻyicha toʻlov muddati foizsiz ravishda 2028-yil oxirigacha uzaytiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan senator issiqxonalar muammosi boʻyicha vazirga rasmiy soʻrov yuborgani haqida xabar bergan edi.