
Jizzax viloyatida qurilayotgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (AES) loyihasida navbatdagi bosqich boshlandi. RITM-200N reaktori joylashadigan energoblok uchun kotlovan qazish ishlari boshlandi. «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev va «O‘zatom» agentligi rahbari Azim Axmedxadjayev jarayonga start berdi.
Qurilish hajmi
Birinchi bosqich doirasida 1,5 million kub metr tuproq qazib olinadi, kotlovanning chuqurligi 13 metrga yetadi. AES Forish tumanida, Rossiya loyihasi asosida barpo etilmoqda.
Ishlarning mahalliylashtirilishi
«Barcha xalqaro loyihalarimizda bo‘lgani kabi, O‘zbekistondagi AES qurilishida ham mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘ladi. Ishlarni asosan o‘zbek subpudratchi tashkilotlari bajaradi. ‘Rosatom’ kamida 60 yil xizmat muddatiga ega stansiyani quradi va uning ekspluatatsiyasi davomida zarur texnik yordamni ko‘rsatadi», — dedi «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston va Rossiya Jizzaxdagi AES qurilishi bo‘yicha hujjatlarni imzolagani haqida yozgan edi.