Mirziyoyev MDH venchur platformasini yaratishni taklif qildi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Yana u raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasida amaliy hamkorlik dasturini ishlab chiqish, shuningdek, fan, ta’lim va madaniyat yo‘nalishlarida aloqalarni kengaytirish tashabbusini ilgari surdi
Mirziyoyev MDH yig‘ilishida nimalarni taklif qildi / Foto: Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Asosiy tashabbuslar

Davlat rahbari global beqarorlik sharoitida MDH o‘zini barqaror va zarur muloqot maydoni sifatida namoyon etayotganini ta’kidladi va hamkorlikni amaliy yo‘nalishlarda chuqurlashtirish zarurligini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev, xususan:

  • barcha transport turlari bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini yaratish va transport sohasida davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha MDH mamlakatlari konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi;
  • maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish uchun «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish hamda MDH venchur platformasini yaratish orqali startap va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini bildirdi;
  • Toshkentda «Innoprom» ko‘rgazmasi doirasida MDH innovatsion sanoat forumini o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi;
  • energetika sektorini modernizatsiya qilish va «yashil» hamda an’anaviy energiya yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi;
  • raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasida amaliy hamkorlik dasturini ishlab chiqish, shuningdek, fan, ta’lim va madaniyat yo‘nalishlarida aloqalarni kengaytirish tashabbusini ilgari surdi;
  • diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha yangi davlatlararo bitim tayyorlash, Xiva shahrida MDH yoshlar forumini o‘tkazish va Yoshlar innovatsiya laboratoriyasini tashkil etish taklifini bildirdi;
  • xavfsizlik sohasida esa MDH mamlakatlari tashqi siyosat idoralari va maxsus xizmatlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, Afg‘onistondagi infratuzilma loyihalarida birgalikda ishtirok etish zarurligini qayd etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident «Markaziy Osiyo – Rossiya» sammitida Toshkentda «Skolkovo» filiali ochishni taklif qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek