Oracle tizimlariga hujum: 100 dan ortiq kompaniyalar zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin

Google ma’lum qilishicha, Oracle kompaniyasining biznes tizimlariga qaratilgan keng ko‘lamli xakerlik hujumi oqibatida 100 dan ortiq kompaniyalar zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, bu hujum uch oy avval boshlangan va ko‘plab mijozlar ma’lumotlari o‘g‘irlangan.
Alphabet tarkibidagi Google kompaniyasi bayonotida «mijozlarga oid katta hajmdagi ma’lumotlar o‘g‘irlangani» qayd etilgan. Mutaxassislar fikricha, bu darajadagi hujum oldindan puxta tayyorgarlik va katta resurs talab qiladi.
Google tahlilchilari bu kiberhujum ortida CL0P nomli mashhur xakerlar guruhi turganini bildirishdi. Mazkur guruh ilgari ham turli dastur va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarga qarshi keng miqyosli hujumlar uyushtirgan.
Xakerlar Oracle’ning E-Business Suite ilovalari tizimini nishonga olishgan. Ushbu tizim mijozlar, yetkazib beruvchilar, ishlab chiqarish, logistika va boshqa biznes jarayonlarini boshqarish uchun qo‘llaniladi. Oracle hozircha bu masalaga izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oracle aksiyalari rekord darajaga chiqqani haqida xabar bergan edik.