
American Chambers tadbiri doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShning Amazon Kuiper kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muloqot chogʻida raqamli infratuzilmani rivojlantirish, keng polosali internet xizmatlarini takomillashtirish va sun’iy yoʻldosh texnologiyalarini mamlakat hududiga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Amazon Kuiper Commercial Services LLC oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat Oʻzbekistonda Project Kuiper sun’iy yoʻldosh tarmogʻi orqali yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini yoʻlga qoʻyish, telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, Amazon Kuiper Amazon korporatsiyasining sun’iy yoʻldosh internet loyihasi boʻlib, Yer orbitasidagi past balandlikdagi (LEO) yoʻldoshlar tarmogʻi orqali butun dunyo boʻylab tezkor va barqaror internet taqdim etishni maqsad qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan SpaceX smartfonlar uchun yangi avlod sun’iy yoʻldosh aloqasini tayyorlayotgani haqida xabar bergan edi.