Sport

Oʻzbekiston terma jamoasi noyabr oyida Misr bilan oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazishi mumkin

Foto: O‘FA

Oʻzbekiston terma jamoasi noyabr oyida Misr bilan oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazishi mumkin. Bu haqda Misrning qator nashrlari xabar berdi.

Manbalarga koʻra, turnir noyabr oyidagi FIFA kunlari (10 – 18-noyabr) doirasida Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Musobaqada Oʻzbekiston, Eron, Misr va Kabo-Verde kabi terma jamoalar ishtirok etadi.

Manbada ta’kidlanishicha, turnirning ilk oʻyinida Oʻzbekiston Misrga, Eron esa Kabo-Verdega qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahslardagi gʻoliblar keyinchalik musobaqaning final bosqichida uchrashadi.

Avvalroq OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov milliy jamoa noyabrda Dubaydagi xalqaro musobaqada qatnashishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, Oʻzbekiston va Misr terma jamoalari oʻzaro tarixda hali biror marta toʻqnash kelmagan. Mazkur uchrashuv ikki jamoa uchun ilk oʻzaro bahs boʻlishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston terma jamoasi oktabrda Urugvay bilan oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazishi haqida xabar bergan edi.