
O‘zbekistonning Iroqda yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Ayubxon Yunusov mamlakat prezidenti Abdullatif Rashidga ishonch yorliqlarini topshirdi. Marosim Al-Kuvayt shahrida joylashgan elchixona qarorgohida bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Tantanali marosimdan so‘ng Iroq prezidenti O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan avvalgi uchrashuvlarini iliq so‘zlar bilan esladi va ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari izchil rivojlanayotganini ta’kidladi.
Prezident Abdullatif Rashid Ayubxon Yunusovni yangi lavozim bilan tabriklab, uning diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Ma’lumot uchun, Ayubxon Yunusov 2024-yil fevral oyidan O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. U ilgari Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Tajribali diplomat Toshkent islom instituti, Misrdagi «Al-Azhar» universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Shu bilan birga, xalqaro huquq, islomshunoslik va arab filologiyasi sohalarida mutaxassislikka ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Monakodagi birinchi elchisi tayinlangan edi.