Qozogʻiston Milliy banki asosiy stavkani 18 foizga oshirdi

Qozogʻiston Milliy banki asosiy stavkani 18 foiz etib belgiladi. Bu haqda regulyator axborot xizmati maʼlum qildi.
Ta’kidlanishicha, bu qaror mamlakatda inflyatsiya surʼatlari tezlashgani va ichki talabning taklifdan yuqori boʻlib borayotgani sababli qabul qilindi. Yillik inflyatsiya sentabr oyida 12,9 foizga yetib, prognoz koʻrsatkichlaridan oshib ketgan.
Eng katta narx oʻsishi oziq-ovqat mahsulotlarida kuzatildi — 12,7 foiz. Ayrim toifadagi mahsulotlar ishlab chiqarish xarajatlari va import tannarxining oshgani sabab yanada qimmatlashgan. Xizmatlar sohasida inflyatsiya 15,3 foizga, tartibga solinadigan xizmatlarda esa 30 foizdan ortiq darajaga chiqqan.
Yonilgʻi narxlari bir yilda 11,9 foizga, sentabr oyida esa 3,4 foizga oshdi. Shu bilan birga, bazaviy inflyatsiya 1,2 foiz atrofida boʻlib, narxlar oʻsishining barqaror tus olayotganini koʻrsatmoqda.
Regulyatorning taʼkidlashicha, inflyatsion bosim ichki omillar bilan bogʻliq, xususan, kuchli ichki talab, soliq islohotlari, yonilgʻi bozorining liberallashuvi va isteʼmol kreditlari hajmining kengayishi bilan.
Shuningdek, Milliy bank hisobotida tashqi bozorlardagi oziq-ovqat narxlari oʻsishi ham mamlakat ichidagi narxlar dinamikasiga bevosita taʼsir koʻrsatayotgani qayd etilgan. Goʻsht va oʻsimlik yog‘i narxlarining jahon bozorida keskin oshishi eksport faolligi bilan birgalikda ichki bozorda ham narxlarning koʻtarilishiga olib kelmoqda.
Yanvar–avgust oylarida Qozogʻiston iqtisodiyoti 6,5 foizga oʻsdi, bu oʻtgan yilning shu davridagi 3,7 foizlik koʻrsatkichdan sezilarli yuqori. Eng katta oʻsish transport va logistika (21,5%), qurilish (18,1%), savdo (8,9%) hamda sanoat tarmoqlarida (6,5%) qayd etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozogʻistonda tenge bilan taʼminlangan birinchi steyblkoin ishga tushirilgani haqida xabar bergan edi.