Rossiya Markaziy Osiyoga gaz eksportini 15 foizga oshirdi

Rossiya 2025-yilning dastlabki sakkiz oyi davomida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistonga tabiiy gaz yetkazib berish hajmini 15 foizga oshirdi. Bu haqda «Gazprom» boshqaruvi raisi Aleksey Miller 9-oktabr kuni Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan Xalqaro gaz forumining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Millerning soʻzlariga koʻra, «Sibir kuchi-2» magistral gaz quvuri Markaziy Osiyo davlatlariga gaz eksportini kengaytirish imkonini beruvchi asosiy loyihalardan biri hisoblanadi.
«Biz Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston iqtisodiyotlarining tez sur’atlarda rivojlanayotganini kuzatyapmiz. Prognozlarga koʻra, keyingi besh-olti yil ichida bu mamlakatlar iqtisodiyoti 60 foizgacha oʻsishi mumkin. Bu esa energiya, xususan, gazga boʻlgan talabni sezilarli oshiradi», – dedi Miller.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yilda «Gazprom» Oʻzbekistonga gaz eksportini toʻrt baravarga oshirgani haqida xabar bergan edi.
6-iyun kuni e’lon qilingan «Gazprom» kompaniyasining yillik hisobotiga ko‘ra, Rossiyaning yirik energetika konserni 2024-yilda O‘zbekistonga tabiiy gaz eksportini 4,4 baravar oshirgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yildagiga nisbatan 340,6% o‘sishni tashkil etdi.