
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Bryusselda Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashdi. Bu haqda uning o‘zi telegram kanalida ma’lum qildi.
Mirziyoyeva Bryusselda bo‘lib o‘tgan «Global Gateway» forumida qatnashganini qayd etgan.
Ma’lumot uchun, 9 – 10-oktabr kunlari Bryusselda «Global Gateway» forumi o‘tkazilmoqda. Bu tadbir Yevropa Ittifoqining tashqi investitsiya tashabbuslariga bag‘ishlangan forumning ikkinchi loyihasi hisoblanadi.
Joriy yilda forum global bog‘liqlikni kuchaytirish va geosiyosiy hamda geoiqtisodiy chaqiriqlarga javob berish masalalariga e’tibor qaratmoqda. Unda hukumatlar, moliyaviy institutlar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda.
Forumda «Global Gateway» dasturi doirasidagi investitsiyalarni kengaytirish va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘nalishlari muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qoraqalpog‘istonda $2 mlrd qiymatidagi 27 ta loyiha amalga oshirilgani haqida yozgan edi.