Yangiliklar

Poytaxt hokimligi «Moskva uylari»da renovatsiya ishlari olib borilmasligini ma’lum qildi

Ishlar faqat tashqi bezakni yangilash, atrofni obodonlashtirish va yashil hududlarni kengaytirish bilan cheklanadi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Toshkent shahar hokimligi «Moskva uylari» majmuasida renovatsiya ishlari boshlanishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. Rasman ma’lum qilinishicha, bunday ishlar olib borilmaydi, balki binolarning fasadlari tartibga keltiriladi, shu bilan birga, me’moriy ko‘rinish saqlab qolinadi.

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Baxodir Gaibnazarov aholi bilan uchrashib, vaziyatni tushuntirib berdi. Unga ko‘ra, ishlar faqat tashqi bezakni yangilash, atrofni obodonlashtirish va yashil hududlarni kengaytirish bilan cheklanadi. Shuningdek, yangi favvoralar, avtoturargohlar va hovlilarni obodonlashtirish ishlari ham rejalashtirilgan.

Hokimiyat bayonotida ta’kidlanishicha, mas’ullar va tegishli tuzilmalar fuqarolar bilan yaqindan ishlash, ularning e’tirozlariga tezkor javob berish va loyiha maqsadini aniq tushuntirish bo‘yicha faol bo‘lishi kerak.

Ma’lumot uchun, «Moskva uylari» 1983-yilda moskvalik mutaxassislar tomonidan qurilgan bo‘lib, majmua 18 qavatli binolardan iborat.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent hokimiga sobiq «Toshturma» hududidagi xiyobon qurilishi bo‘yicha so‘rov yuborilgani haqida yozgan edi.