Gadjetlar

Samsung yangi smartfonini taqdim etdi

Old kamera 10 MP o‘lchamda
Samsung yangi smartfonini taqdim etdi / Foto: Samsung

Samsung kompaniyasi tomonidan Xitoy bozoriga mo‘ljallangan yangi Samsung W26 smartfoni taqdim etildi. Bu model mashhur Galaxy Z Fold7 smartfonining hashamatli versiyasi bo‘lib, oltin rangdagi bezak elementlari bilan ajralib turadi. Qurilma qizil va qora ranglarda taqdim etilgan.

W26 modeli alyuminiy korpusga ega. Uning qalinligi ochiq holatda 4,2 mm, buklanganda esa 8,9 mm bo‘lib, og‘irligi 215 grammni tashkil etadi.

Foto: Samsung

Smartfon Snapdragon 8 Elite chipi asosida ishlaydi va Android 16 tizimidagi One UI 8 qobig‘iga ega. Qurilma 16 GB operativ xotira hamda 512 GB yoki 1 TB doimiy xotira bilan jihozlangan. Tashqi ekranining diagonali 6,5 dyuym, ichki ekran esa 8 dyuym bo‘lib, ikkisi ham 120 Hz chastotada ishlaydi. Ekranlar Corning Gorilla Glass Ceramic 2 bilan himoyalangan.

Foto: Samsung

Asosiy kamera tizimi uchta datchikdan iborat: 50 MP, 12 MP va 10 MP (so‘nggisi 3 baravar optik zumni ta’minlaydi). Old kamera 10 MP o‘lchamda. Qurilma 4400 mA·soat sig‘imli batareya va 25 Vt quvvatlanish tezligiga ega.

Yangi Samsung W26 narxi $2,4 ming (512 GB) va $2,6 ming (1 TB) etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Samsung smartfoni uchta akkumulyator bilan jihozlanishi haqida yozgan edi.