
Xiaomi 17 Ultra haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Smartfon to‘rt kamerali tizim bilan jihozlanadi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
17 Ultra’da 50 MP + 50 MP + 50 MP + 200 MP kameralar tizimi bo‘ladi. Asosiy kamera katta sensor va ultra yuqori dinamik diapazonga ega bo‘ladi. Periskop kamera esa yangi optik texnologiyaga asoslangan yirik sensor bilan ishlaydi. Qolgan ikkita modul esa standart konfiguratsiyada bo‘ladi.
Smartfon ikki xil versiyada chiqadi, ammo har ikkisi ham bir xil kamera sensorlari bilan jihozlanishi kutilmoqda. Yuqori versiyada faqat ilg‘or suratga olish funksiyalari qo‘shiladi.
Shuningdek, 17 Ultra’da uzluksiz optik zum tizimi bo‘lishi kutilmoqda. U 200 MP sensor va ko‘p elementli periskop linzani birlashtiradi. Bu tizim fokus oralig‘idagi o‘tishlarni silliq qiladi va turli kameralar o‘rtasida almashishni kamaytiradi.
Kutilishicha, asosiy kamera OmniVision OV50X 50 MP sensor bo‘ladi, unga Samsung JN5 50 MP ultra keng va telefoto kameralar hamrohlik qiladi. Periskop kamerasi esa 200 MP Samsung HPE sensorga ega bo‘ladi. Old kamera 50 MP OmniVision OV50M bo‘lishi aytilmoqda.
Model 2025-yil oxirida Xitoyda taqdim etilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi 17 Pro Max batareyasi kutilgan natijani bermagani haqida yozgan edi. 7500 mA/soat quvvatga ega Xiaomi 17 Pro Max atigi 5 daqiqa farq bilan iPhone 17 Pro Max’dan ko‘proq ishlagan.