«Oʻzbekiston pochtasi» xususiylashtirilgani haqida xabarlar tarqalmoqda

eʼlon qilindi
Davlat ulushini sotib olgan investor shimollik yirik elektron savdo platformalaridan biri bo‘lishi mumkin
Foto: Pochta.uz

Oʻzbekistonning milliy pochta operatori «Oʻzbekiston pochtasi» (UzPost) xususiylashtirilgani haqida ma’lumotlar paydo boʻldi. Bu haqda iqtisodchi Otabek Bakirov bir nechta mustaqil manbalarga tayanib xabar bermoqda.

Bakirovning soʻzlariga koʻra, davlat ulushini sotib olgan investor shimollik yirik elektron savdo platformalaridan biri boʻlishi mumkin. U nom aniq aytilmagan boʻlsa-da, bu Rossiyada faoliyat yurituvchi onlayn platformalardan biri ekani taxmin qilinmoqda.

Hozircha bitim tafsilotlari va aksiyalar paketi hajmi oshkor etilmagan. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham, UzPost rahbariyati ham bu borada izoh bermagan.

Eslatib oʻtamiz, joriy yil iyun oyida UzPostʼning affillangan shaxslar roʻyxatida oʻzgarishlar kuzatilgan edi. Undan «Aloqabank», Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda ushbu vazirlikka tegishli yuridik shaxslar chiqarilgan. Ularning oʻrniga Davaktiv, Davaktivga tegishli yuridik kompaniyalar va O‘zbekiston Milliy Investitsiya fondi (UzNIF) qoʻshilgan.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda Latviya pochtasi vakolatxonasi ochilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek