Oʻzbekistonlik futbol mutaxassislari ilk bor FIFA qoʻmitalariga tayinlandi

Oʻzbekiston futboli tarixida ilk marta mamlakat mutaxassislari FIFA qoʻmitalari tarkibiga rasman tayinlandi. Bu haqda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi (OʻFA) matbuot xizmati xabar berdi.
FIFA Kengashi qaroriga koʻra, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov 2025–2029-yillar uchun Futbolda texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli rivojlanish qoʻmitasi (Football Technology, Innovation and Digital Transformation Committee) rais oʻrinbosari etib tayinlandi. Qoʻmitaga FIFAning futbol texnologiyalari boʻyicha direktori Yohannes Holzmueller rahbarlik qiladi.
Mazkur qoʻmita VAR tizimi, golni aniqlash texnologiyasi, yarimavtomatik ofsayd nazorati, raqamli monitoring va sunʼiy intellekt asosidagi yechimlar kabi innovatsion texnologiyalarni joriy etish va sinovdan oʻtkazish ustida ish olib boradi.
Shuningdek, OʻFA bosh kotibi Avaz Maksumov Sohil futboli qoʻmitasiga (Beach Soccer Committee), ayollar futbolini rivojlantirish boʻlimi rahbari Yuliya Panina esa Ayollar milliy terma jamoalari oʻrtasidagi musobaqalar qoʻmitasiga (Womenʼs National Team Competitions Committee) aʼzo etib tayinlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OʻFA BYD avtomobillari sabab $340 ming jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edi.