Yangiliklar

Qirgʻiziston poytaxti kelajakda Manasga koʻchirilishi mumkin

Jalolobod shahri nomi 17-sentabr kuni rasman Manas deb o‘zgartirilgan edi
Foto: Shutterstock

Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi Qamchibek Tashiyev mamlakat poytaxti kelgusida Manas shahriga koʻchirilishi ehtimolini istisno etmadi. Bu haqda u Manasdagi ta’lim muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Tashiyevning aytishicha, 2026-yilda Manasga respublika ahamiyatidagi uchinchi shahar maqomi berilishi rejalashtirilgan. U Jalolobod nomining oʻzgartirilishini strategik jihatdan toʻgʻri qaror deb atadi va Manasning mamlakat rivojlanishidagi roli ortib borayotganini ta’kidladi.

«Ba’zi siyosatchilar Manas poytaxt boʻladi, deb aytishgan. Agar biz bunga loyiq boʻlsak, nega yoʻq? Ammo buning uchun shahar ham, xalq ham tayyor boʻlishi kerak. Poytaxt boʻlish – bu katta mas’uliyat, buning uchun moliyaviy, infratuzilmaviy va ruhiy tayyorgarlik zarur», — dedi Tashiyev.

Uning soʻzlariga koʻra, hozirda Manasda qurilish va infratuzilma ishlari faol olib borilmoqda, shaharni zamonaviy markazga aylantirish ustida ishlar ketmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Jalolobod shahri nomi 17-sentabr kuni rasman Manas deb oʻzgartirilgan edi. Hozirgi kunda shaharda 184 mingdan ortiq aholi yashaydi, ularning qariyb 30 foizini oʻzbeklar tashkil etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozogʻistonda pedofillar ozodlikka chiqishidan yarim yil oldin kastratsiya qilinishi haqida xabar bergan edi.