
Toshkentda xalqaro Ritz-Carlton brendi ostida besh yulduzli mehmonxona va turarjoy majmuasi qurilishi davom etmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Vazir o‘rinbosari Xurram Teshabayev Ozarbayjonning PASHA Real Estate kompaniyasi rahbari Elchin Gadimov bilan uchrashuv o‘tkazib, loyihaning hozirgi holati va keyingi bosqichlarini muhokama qildi. Uchrashuvda qurilish ishlari belgilangan jadvalga muvofiq davom etayotgani ta’kidlandi.
Majmuaning bosh rejasi Britaniyaning Benoy arxitektura kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Loyiha qiymati $200 millionni tashkil etadi. Hozirda yerosti inshootlari qurilishi yakunlanish arafasida, yil oxiriga qadar esa binolarning ustki konstruksiyalarini barpo etish ishlari boshlanishi rejalashtirilgan.
Tomonlar loyiha sifatini xalqaro standartlarga mos darajada ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi investitsion hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarida ham kelishuvga erishgan.
Ma’lumot uchun, Pasha Holding 2006-yilda tashkil etilgan bo‘lib, moliya, sug‘urta, qurilish, texnologiya va investitsiya sohalarida faoliyat yuritadi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonga dunyoning 23 ta mehmonxona brendlari kirib kelishi kutilayotgani haqida xabar bergan edi.