Yangiliklar

Buyuk Britaniya G‘azoga $27 millionlik gumanitar yordam ajratadi

Mamlakat joriy moliyaviy yilda Falastinga jami 74 mln funtlik gumanitar yordam bergan
Buyuk Britaniya G‘azoga $27 millionlik gumanitar yordam ajratadi / Foto: Daily Sabah

Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer Misrda o‘tgan xalqaro sammitda G‘azo sektoriga suv, sanitariya va gigiyena xizmatlarini yetkazib berish uchun 20 mln funt (taxminan $27 mln) miqdorida yordam ajratilishini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, yordam UNICEF, Jahon oziq-ovqat dasturi va Norvegiya Qochqinlar Kengashi orqali yetkaziladi. Bu mablag‘ ochlik, malnutritsiya va kasallik xavfi ostida qolgan aholiga yo‘naltiriladi.

Isroil bilan Hamas o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi yakshanba kuni ketma-ket uchinchi kunga kirdi. Buyuk Britaniya G‘azoning qayta tiklanishiga bag‘ishlangan uch kunlik xalqaro sammitni ham o‘tkazishini e’lon qildi.

Shuningdek, Buyuk Britaniya joriy moliyaviy yilda Falastinga jami 74 mln funtlik gumanitar yordam berganini bildirdi. O‘tgan oy Britaniya Falastinni rasmiy ravishda mustaqil davlat sifatida tan olgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azoda sulh e’lon qilingach, minglab falastinliklar uylariga qaytayotgani haqida xabar bergan edik.