Avto

Chevrolet Tracker avtomobilining yangi versiyasi taqdim etildi

Chevrolet Tracker
Chevrolet Tracker avtomobilining yangi versiyasi taqdim etildi / Foto: GMAutority

General Motors tomonidan Braziliyada 2026-yilgi Chevrolet Tracker Caramelo modeli namoyish etildi. GMAuthority xabariga ko‘ra, bu mashina Netflix’ning yangi «Caramelo» filmi asosida yaratilgan bo‘lib, u sodiq va mehribon it haqida hikoya qiladi.

Chevrolet Braziliya bo‘limi ma’lum qilishicha, Tracker Caramelo yagona nusxadagi avtomobil bo‘lib, u xayriya auksionida sotuvga qo‘yiladi. Auksiondan tushgan mablag‘ Caramelo instituti orqali hayvonlarni qutqarish, parvarishlash va ularni mas’uliyat bilan asrab olishni targ‘ib etishga yo‘naltiriladi.

Foto: GMAutority

Model Premier toifasiga asoslangan va o‘ziga xos Caramelo BR deb nomlangan yangi bo‘yoq rangiga ega. Bu rang Chevrolet’ning 22 mingdan ortiq braziliyalik it egalari ishtirok etgan ijtimoiy tarmoq so‘rovi orqali tanlangan.

Tracker Caramelo: uma edição única na cor mais BR de todas!

«Caramelo» filmi oshpaz va karamel rangli it o‘rtasidagi samimiy do‘stlikni aks ettiradi. Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, yangi Tracker braziliyaliklarning eng iliq rangida yaratilgan bo‘lib, u mehr, sadoqat va iliqlik ramzini ifodalaydi.

Tracker Caramelo Braziliyada hayvonlarni himoya qilish va it sevarlikni targ‘ib etuvchi marketing kampaniyasining markaziy qismi sifatida taqdim qilindi.

Avvalroq UzAuto Motors yangi Damas va Cobalt modifikatsiyalarini taqdim etishi haqida yozgan edi.