
«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 3-oktabrdan 10-oktabrgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,18 foizga pasaydi.
Ushbu davr mobaynida «Garant bank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 12,02 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Chilonzor buyum savdo kompleksi» aksiyalari (+9,09%) va «Aloqabank»ning imtiyozli (+6,04%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyalari 7,23 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Aloqabank»ning oddiy aksiyalari (-2,27%) va «Kvarts» (-2,04%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «UzAuto Motors» va «Biokimyo» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «Kapital sug‘urta» (581 ta), «Hamkorbank» (537 ta) va «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (398 ta bitim) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «Hamkorbank» (688,76 mln so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (150,09 mln so‘m) va «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyalari (96,95 mln so‘m) yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 19 tasi haftani ijobiy, ikkitasi o‘zgarishsiz, qolgan sakkiztasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 1,64 mlrd so‘m bo‘ldi.
Bundan oldin «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 26-sentabrdan 3-oktabrgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,49 foizga oshgani haqida xabar berilgandi.
Mazkur davrda «Hamkorbank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 16,48 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Biznesni rivojlantirish banki» (+11,42%) va «O‘zsanoatqurilishbank» (+7,58%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.