
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 208-maktabda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hodisa 13-oktabr kuni soat 17:20 da ta’mirlash ishlari vaqtida yuz bergan. Yong‘in binoning tom qismida boshlangan. O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga sakkiz daqiqada yetib kelishgan, yong‘in soat 17:39 da nazoratga olingan va 17:42 da to‘liq bartaraf etilgan.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur ta’lim muassasasi 7-iyuldan boshlab kapital ta’mir uchun yopilgan, o‘quvchilar esa yangi o‘quv yilida boshqa maktablarda tahsil olishmoqda.
Yong‘in vaqtida maktabda o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham bo‘lmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning Yangihayot tumanida xususiy uylardan biri yonib ketgani haqida xabar bergan edik.