
2025-yilning yanvar – avgust oylarida qariyb 5,2 million nafar o‘zbekistonlik turistik maqsadlarda chet elga safar qilgan. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,1 million nafarga yoki 26,8 foizga ko‘p.
Joriy yilning sakkiz oyida O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p Qirg‘iziston (2,3 mln), Qozog‘iston (956 ming) va Tojikistonga (888 ming) sayohat qilgan. Shuningdek, Rossiya (313 ming), Turkiya (182 ming), Saudiya Arabistoni (166 ming), Birlashgan Arab Amirliklari (94,2 ming), Misr (45,4 ming), Vyetnam (28,5 ming) va Xitoy (28 ming) ham mashhur yo‘nalishlar qatoriga kirgan.
Avvalroq joriy yilda O‘zbekistonda ichki sayohatlar o‘tgan yilga nisbatan 2,8 baravar ko‘paygani haqida xabar qilingandi. Ichki turizmda yetakchilikni poytaxt saqlab qolmoqda: Toshkentga bronlar 2,5 baravarga (+150%) oshgan, chipta narxlari esa o‘tgan yilgi darajada qolgan. Urganch ikkinchi o‘rinda bo‘lib, bu yo‘nalishga parvozlar narxi 23 foizga arzonlashgan.
Reytingning keyingi pog‘onalarida Nukus va Farg‘ona joylashgan. Buxoro esa bu yil keskin o‘sish bilan beshlikka kirdi. Oilaviy sayohatlar bo‘yicha yetakchi shahar Andijon bo‘lsa, Samarqand ikkinchi o‘rinda qayd etildi.