Surxondaryo joriy yilgi paxta rejasini respublikada birinchi bo‘lib bajardi

Surxondaryo viloyati paxtakorlari O‘zbekistonda birinchi bo‘lib joriy yilgi paxta topshirish bo‘yicha shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajardi. «O‘zA» xabariga ko‘ra, qabul punktlariga 275,6 ming tonnadan ortiq sifatli xomashyo topshirildi.
Hosilni o‘z vaqtida terib olish uchun 1,3 mingta terim otryadi tashkil etildi, ikki mingta traktor va uch mingta tirkama safarbar qilindi. Shuningdek, Xitoydan keltirilgan 60 ta zamonaviy paxta terish mashinasi ham yig‘im-terimda katta yordam berdi. Ayrim dalalarda har gektardan 80 sentnergacha hosil olingan.
Avvalroq hukumat qarori bilan paxta va donni qabul qilish hamda ularning elektron hisobini yuritish tartibi belgilangandi. Unga ko‘ra, endilikda bu jarayon Qishloq xo‘jaligi vazirligining «Agrotarozi», «Hosil qabuli» va «AgroDocs» axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi. Xususan, bir xil seleksiya, sanoat navi, sinfi, avlodi va dala guruhiga oid urug‘lik paxta hamda don yagona hujjat asosida topshiriladi.