Toshkent metrosining “Yerusti halqa yoʻli” 1-noyabrda ishga tushadi

Toshkent metropolitenining taʼmirlash ishlari sababli yopilgan «Yerusti halqa yoʻli» yoʻnalishi 1-noyabrdan boshlab yana yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni boshlashi kutilmoqda. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼmirlash va profilaktika ishlari davomida 14 ta bekat — «Texnopark»dan «Qipchoq»gacha boʻlgan yoʻnalishda poyezdlar harakati vaqtincha toʻxtatilgan edi. Ushbu davrda yoʻl tekisligi qayta tiklandi, eskirgan shpallar almashtirildi, drenaj tizimi holati oʻrganildi hamda shagʻal qatlamining mustahkamligi sinovdan oʻtkazildi.
Avvalroq yoʻnalish 18-oktabrda ochilishi rejalashtirilgan edi, biroq texnik sinovlarni yanada mukammallashtirish va poyezdlar harakatini ikki baravar tezlashtirish maqsadida ochilish sanasi 1-noyabrga qoldirildi.
Hozirda ushbu yoʻnalishda poyezdlar yoʻlovchilarsiz sinov tartibida harakatlanmoqda. Sinov natijalari muvaffaqiyatli yakunlangach, yoʻnalish toʻliq ishga tushiriladi.
Eslatib oʻtamiz, yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida «Texnopark» — «Qipchoq» — «Texnopark» bekatlari oʻrtasida bepul metrobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent metrosida chaqaloq dunyoga kelgani haqida xabar bergan edi.