
Xitoyning Xiaomi kompaniyasi aksiyalari 8,7 foizga pasayib, 47,5 Gonkong dollari ($6,11) darajasiga tushdi. Bu so‘nggi 5,5 oy ichidagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi.
Pasayish sababi kompaniyaning SU7 Ultra elektromobili bilan bog‘liq avariya haqidagi xabar bo‘ldi, deb yozadi Trading View.

Hodisa 13-oktabr kuni ertalab Chendu shahrida sodir bo‘lgan. Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, haydovchi mashina yonayotgan paytda eshik qulflanib qolganligi sababli chiqib keta olmagan. Bir necha kishi unga yordam berishga uringan, ammo voqeaning keyingi tafsilotlari noma’lum.
Yicai nashri voqea yuzasidan yong‘in xavfsizligi xizmatiga so‘rov yuborgan, biroq javob olinmagan.
Xiaomi SU7 Ultra o‘tgan yili kuzda taqdim etilgan, savdosi esa joriy yil mart oyida boshlangan. Modelning boshlang‘ich narxi $73 mingdan.
Elektromobil uchta Xiaomi ishlab chiqargan dvigatel bilan jihozlangan: ikkita HyperEngine V8 va bitta HyperEngine V6, ularning umumiy quvvati 1,1 ming kVt. SU7 Ultra 100 km/soat tezlikka atigi 1,98 soniyada chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xiaomi 17 Ultra haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.