
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 9,1 milliard so‘mdan ortiq qiymatdagi davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Ular bo‘yicha maxsus komissiyalar tomonidan ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Qo‘mitaga ko‘ra, qonunbuzarliklarning eng katta qismi Toshkent shahrida qayd etilgan. Bunda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan boshlang‘ich narxi 7,3 milliard so‘mlik tanlov «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasiga zid ravishda o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan buyurtmachiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Hududlar kesimida ham bir qator qonunbuzilishlar aniqlandi:
- Xususan, Qashqadaryo viloyatida Qarshi davlat universiteti o‘tkazgan 250 mln so‘mga yaqin tanlovda hujjatlar noto‘g‘ri baholangan.
- Navoiy viloyatida esa «Mahallalar uyushmasi»ning Navbahor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan 90 mln so‘mga yaqin yettita tenderda qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
- Namangan viloyatida Pop «Muruvvat» erkaklar internat uyida 3,5 milliard so‘mlik xaridlar tartib buzilgan holda amalga oshirilgan.
- Jizzax viloyatida esa Forish tuman hokimligining 72 million so‘mlik texnika xaridida qonun talablariga rioya qilinmagan.
- Farg‘ona viloyatida «Qamchiqavtoyo‘l» korxonasi o‘tkazgan 900 mln so‘mlik tenderda o‘zaro aloqador ikki korxona ishtirok etgani aniqlandi.
- Buxoro viloyatida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 500 mln so‘mlik tenderida takliflarni baholash mezonlari portalda joylashtirilmagani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘mita bu holatlarning barchasi yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.
Bundan avval ham 8,6 milliard so‘mlik noqonuniy davlat xaridi bekor qilingandi. Mazkur xarid Buxoro tibbiyot instituti buyurtmasi asosida «aqlli issiqxona qurish xizmati» bo‘yicha o‘tkazilgan.