Sport

Bogdan Guskov UFC 323 turnirida sobiq chempionga qarshi jang qiladi

Foto: Ochiq manba

Oʻzbekistonlik UFC jangchisi Bogdan Guskov navbatdagi jangini yarim ogʻir vazn toifasining sobiq chempioni, polshalik Yan Blaxovichga qarshi UFC 323 turnirida oʻtkazadi. Bu haqda UFC rasmiy sahifasi maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, jang 6-dekabr kuni AQShning Las-Vegas shahridagi «T-Mobile Arena» majmuasida boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Uning raqibi 42 yoshli polshalik jangchi Yan Blaxovich oʻzining boy tajribasi bilan UFC arenalarida yaxshi tanilgan. U professional faoliyati davomida 41 marta oktagonga koʻtarilib, 29 gʻalaba, 11 magʻlubiyat va 1 durang natijasini qayd etgan. Blaxovich oxirgi jangini joriy yilning mart oyida UFC Fight Night 255 turnirida Karolos Ulbergga qarshi oʻtkazgan va hakamlar qarori bilan magʻlubiyatga uchragan edi.

Bogdan Guskov esa joriy yilning iyul oyida Abu-Dabida boʻlib oʻtgan UFC on ABC 9 turnirida ukrainalik Nikita Krilov bilan jang qilib, birinchi raunddayoq raqibini nokautga uchratgan.

Maʼlumot uchun, Guskov hozirga qadar UFC promousheni doirasida 5 ta jang oʻtkazib, 4 marta gʻalaba qozongan va bir marta magʻlubiyatga uchragan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Konor Makgregor Oq uyda kimga qarshi jang qilishi maʼlum boʻlgani haqida xabar bergan edi.