Yangiliklar

Britaniyaning BAT Uzbekistan kompaniyasi «O‘zBat»dagi 2,6% davlat ulushini sotib oldi

Hozirda «O‘zBat»ning jami 97,3 foiz ulushi BAT Uzbekistan Investment kompaniyasiga tegishli
приватизация UzBat
Britaniyaning BAT Uzbekistan kompaniyasi UzBat’dagi 2,6% davlat ulushini sotib oldi. Foto: Unsplash

Britaniyaning BAT Uzbekistan Investment kompaniyasi «O‘zBat» korxonasidagi davlat ulushining 2,6 foizini sotib oldi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Bitim qiymati 269,7 milliard so‘m bo‘lib, u bo‘yicha shartnoma joriy yil sentabr oyi oxirida imzolangan. Bitimdan tushgan mablag‘lar respublika budjetiga yo‘naltirilgan. Qimmatli qog‘ozlar paketi mustaqil kompaniya tomonidan baholangan va hisobotning to‘g‘riligi tekshirilgan.

Yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, 14-oktabr holatiga:

  • 97,3 foiz ulush BAT Uzbekistan Investment kompaniyasiga,
  • 2,6 foiz Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga,
  • 2,6 foiz esa korxona xodimlariga tegishli.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zBat» korxonasi O‘zbekistonda 1994-yilda tashkil etilgan bo‘lib, tamaki va nikotin mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. 2024-yilning to‘qqiz oyidagi moliyaviy hisobotga ko‘ra, kompaniyaning sof foydasi 1 trillion so‘mdan, daromadi esa 2,6 trillion so‘mdan oshgan.

Avvalroq «Shargʻunkoʻmir»dagi 99,5 foiz davlat ulushi ochiq savdoga qoʻyilgani haqida xabar berilgandi. Shargʻunkoʻmir Surxondaryo viloyati Shargʻun tumanida joylashgan boʻlib, yiliga 900 ming tonna koʻmir qazib chiqarish imkoniyatiga ega. 2024-yilda ham shuncha hajmda ishlab chiqarish amalga oshirilgan. Korxona 38,6 million tonna zaxiraga ega, oʻzining temir yoʻl infratuzilmasi va boyitish zavodi mavjud.