Isroil qariyb ikki ming falastinlikni ozod qildi

Isroil hukumati 13-oktabr kuni G‘azoda tuzilgan sulh kelishuvi doirasida o‘z qamoqxonalaridan ikki mingga yaqin falastinlikni ozod qildi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.
Ozod etilganlarning 1,7 mingdan ortig‘i 2023-yil 7-oktabrdan beri hibsda saqlanayotgan shaxslar bo‘lgan. Yana 250 nafar mahbus og‘ir jinoyatlar, jumladan, qotillik uchun uzoq muddatga qamalgan edi.
Ozodlikka chiqqanlar orasida Hamas, Fath va boshqa siyosiy harakatlar vakillari mavjud. Shu bilan birga, Isroil mashhur Fath yetakchisi Marvon Barg‘utini ozod etishdan bosh tortgani ma’lum qilindi.

Falastin Qizil Yarim Oy Jamiyati ayrim mahbuslarning ozodlikka chiqish jarayonida zo‘ravonlikka uchragani haqida ma’lumot berdi.
Biroq G‘azoda ozodlikka chiqqan fuqarolarni murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat kutmoqda — infratuzilma vayron, tibbiyot muassasalari haddan tashqari yuklama ostida, ko‘plab uylar esa yaroqsiz holga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya G‘azoga $27 millionlik gumanitar yordam ajratishi haqida xabar bergan edik.