
Mahallalarda tadbirkorlik loyihalarini kengaytirish yo‘li orqali 1,5 million oila doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, yaratilgan imkoniyatlar natijasida 7 mingdan ortiq mahalla meva-sabzavotchilik, gulchilik, asalarichilik, tikuvchilik, mebelsozlik, savdo va servis kabi 15 ta yo‘nalish bo‘yicha ixtisoslashgan. Hozirga qadar 3 326 ta mahalladagi 50 foiz xonadon bu tizimga jalb etilgan.
Mahalla bankirlari va hokim yordamchilariga mikroloyihalarni amalga oshirish uchun 6,5 trillion so‘m resurs ajratilgan. Har bir mahallada o‘rtacha 40 tadan mikroloyiha ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Biroq yig‘ilishda barcha hududlarda ishlar bir xil natija bermayotgani ta’kidlandi. Ayrim joylarda, xususan, 2 356 ta mahallada ixtisoslashuv darajasi pastligicha qolmoqda. Shu sababli mutasaddilarga har bir mahalla aholisi bilan bevosita uchrashib, ularning salohiyatidan kelib chiqib aniq ixtisoslikni belgilash topshirilgan.
Davlat rahbari, shuningdek, kamida 200 ming nafar aholining bandligini ta’minlaydigan mikroloyihalarni shakllantirish zarurligini qayd etgan.
Keyingi yildan boshlab meva-sabzavotga ixtisoslashgan 2 682 ta mahallaga sanoatni olib kirish uchun imtiyozli resurslar ajratiladi. Bu mablag‘lar asosan saqlash, qayta ishlash va qadoqlash loyihalariga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» O‘zbekistonda 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqqani haqida yozgan edi.