Yangiliklar

Mirziyoyev Putin bilan telefon orqali muloqot qildi

Madaniyat, san’at va ta’lim yo‘nalishlarida faol hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan
Shavkat Mirziyoyev
Foto: Prezident matbuot xizmati

14-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro aloqalarni oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq izchil amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar.

Prezidentlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikdagi o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, shuningdek, mintaqaviy darajadagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratgan.

Madaniyat, san’at va ta’lim yo‘nalishlarida faol hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, ikki mamlakat o‘rtasida muhandis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlar samarali amalga oshayotgani alohida ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida yozgan edi.