O‘zbekiston ish beruvchilari uchun nima muhimroq — diplommi yoki tajriba

O‘zbekiston mehnat bozorida ishga qabul qilish jarayoni tobora ko‘proq ko‘nikmalarga asoslangan yondashuv sari o‘zgarib bormoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, ish beruvchilarning qariyb 47 foizi amaliy tajriba diplomdan muhimroq deb hisoblaydi.
Ish platformasi hh.uz turli sohalardagi 100 dan ortiq kompaniya vakillari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Natijalarga ko‘ra, 55% ish beruvchilar lavozim turiga qarab qaror qabul qilishini bildirgan: ayrim joylarda nazariya, boshqasida esa amaliyot muhimroq.
Diplomsiz, ammo malaka oshirish kurslarini tamomlagan nomzodlarga munosabat ham o‘zgarib bormoqda: 34% ish beruvchilar kurs bitiruvchilarini ishga olishga tayyor, 31% esa bunday nomzodlarni boshlang‘ich lavozimlar uchun mos deb biladi. Faqat 2% kompaniyalar diplomni majburiy deb hisoblaydi.
Ko‘nikmalar, asosan, amaliy yo‘l bilan tekshiriladi: 65% ish beruvchilar suhbatlar, 46% — real ish holatlaridagi misollar, 36% esa sinov topshiriqlaridan foydalanadi. Ish beruvchilarning 62 foizi diplom faqat ayrim kasblar uchun muhim bo‘lib qolishini ta’kidlasa, 23 foizi to‘liq ko‘nikma asosidagi ishga qabul qilish tizimiga o‘tishni kutmoqda.
Nomzodlar orasida tanlovda esa 40% ish beruvchilar motivatsiya teng bo‘lsa, har ikkisini ko‘rib chiqishini bildirgan, 37% esa real natija ko‘rsatgan tajribali nomzodni tanlashini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 9,1 milliard so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangani haqida yozgan edik.