
Toshkent shahrida O‘zbekiston va Gruziya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar davrasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov va Gruziya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Xvtisiashvili boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekiston – Gruziya munosabatlarining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qildi. Yaqin istiqbolda hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish ikki davlat uchun ham manfaatli ekani qayd etildi.
Shuningdek, savdo hajmini oshirish, logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm va ta’lim yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Serbiya agrosektorni raqamlashtirishda hamkorlik qilishi haqida yozgan edik.