
O‘zbekistonda 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi esa ikki baravar qisqardi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
So‘nggi yillarda 3,5 mingdan ortiq mahalla zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan.
Shuningdek, mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytirildi. Ular boshchiligida «yettilik» vertikal tizimi shakllantirilib, zarur resurs, vakolat va sharoitlar yaratildi.
«Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga borganim viloyat hokimlari, respublika, viloyat, tuman rahbarlari, «yettilik»ni ko‘zini ochib, ularni sifat va kompetensiyani oshirishga undashi kerak», – deya qayd etgan prezident.
Har bir mahallada mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda yangi loyihalar ishlab chiqish, ish o‘rinlari yaratish uchun mahallalarga bankirlar va soliqchilar biriktirilgan, infratuzilmani rivojlantirish uchun esa alohida mablag‘lar ajratilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Suv xo‘jaligi tizimida «Davlat suv kadastri» axborot tizimi yaratilishi haqida yozgan edi.