Yangiliklar

O‘zbekistonda tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilinadi

Mirziyoyev ba’zi hududlarda ozodalik talablariga amal qilinmayotganini tanqid qildi
O‘zbekistonda tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilinadi
O‘zbekistonda tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilinadi. Foto: ijtimoiy tarmoq

O‘zbekistonda tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ba’zi hududlarda ozodalik talablariga amal qilinmayotgani tanqid qilindi. Shu sababli butun mamlakatda tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilinadi.

Shuningdek, obodonlashtirishga mas’ul hokim o‘rinbosarlariga bugunoq 24 soat ishlaydigan brigadalar tashkil qilib, ko‘cha, xonadon, ko‘p qavatli uy, ijtimoiy obyektlar atrofini tozalash topshirildi. «Toza hudud» korxonalariga qarashli maxsus texnikalar ham bunga to‘liq safarbar qilinadi. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya esa bu borada nazoratni kuchaytiradi.

Aholi yashil hudud tashkil qilishi uchun yer ajratiladi

Mahalla aholisi daraxt ekish va yashil hududlar barpo etishda faol bo‘lishi uchun tuman hokimlari 10 sotixgacha yer maydoni ajratadi. Bu joylardan boshqa maqsadlarda foydalanish qat’iyan man etiladi.

Yig‘ilishda shu kungacha boshqa maqsadlar uchun berib yuborilgan 20 gektar yashil hudud, 107 ta sport maydonchasi va bolalar o‘yingohi qayta tiklangani ma’lum qilindi.

«Mahalla yettiligi» faoliyatini baholaydigan tizim ishga tushiriladi

Prezident «mahalla yettiligi» faoliyatini tanqid qilib, ushbu xodimlarining aniq vazifalari va KPI belgilangani bilan mahalladagi umumiy natijadorlikni baholaydigan tizim yo‘qligini ta’kidladi.

Hozirda «yettilik» a’zolarining 1,7 ming nafari mahalla hududidan 20-30 kilometr uzoqdan qatnaydi. Oqibatda o‘tgan yili 68 nafar xodim biriktirilgan mahallasiga bir necha oy kelmagan.

Shu sababli davlat rahbari mutasaddilarga ularning samaradorligini baholaydigan yangi tizimni ishga tushirishni topshirdi.

Shuningdek, tuman hokimlari yil yakuniga ko‘ra, yaxshi ishlagan 10 ta «yettilik»ning barchasini mukofotlash, ularga qo‘shimcha ustamalar berishni yo‘lga qo‘yadi. Bundan buyon «yettilik» xodimlari bilan har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida yig‘ilish o‘tkazish ham taqiqlanishi belgilandi.

«Mahalla yettiligi»ning har bir xodimi o‘z yillik dasturini e’lon qiladi

Davlat rahbari mahalla raisi boshchiligidagi «yettilik»ning har bir vakili o‘z hududida yil davomida bajariladigan aniq ish rejasini tuzib, aholiga ochiq e’lon qilishi muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, hokimlar ham har oyda mahallalarda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha xalq oldida hisobot berib borishi belgilandi.

Avvalroq mahalla raislariga 5 ming kvadratgacha bo‘sh obyektlarni auksionga chiqarish huquqi berilgani haqida xabar qilingandi. Unga ko‘ra, sotuvdan tushgan mablag‘ning 70 foizi mahalla budjetida qolib, infratuzilmani rivojlantirishga sarflanadi.